Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14752 marta o'qildi

Ayni shunday tovarga almashtirilganda narx qayta hisoblanadimi?

Nuqsonli tovar ayni shunday markali, modelli yoki artikulli tovarga almashtirilsa, orada tovar narxi o‘zgargan bo‘lsa ham qayta hisob-kitob qilinmaydi.

Ya’ni iste’molchidan narx oshgani uchun qo‘shimcha pul talab qilinmaydi va narx pasaygani uchun unga farq qaytarilmaydi.

Boshqa markali tovarga almashtirilsa-chi?

Nuqsonli tovar boshqa markali yoki modelli tovarga almashtirilganda narxlar o‘rtasidagi farq hisobga olinadi.

Agar yangi tovar qimmatroq bo‘lsa, iste’molchi farqni qo‘shimcha to‘laydi. Agar almashtirilayotgan nuqsonli tovarning hisobga olinadigan narxi yuqori bo‘lsa, tegishli farq iste’molchiga qaytariladi.

Bunda nuqsonli tovar narxi:

  • narx oshgan bo‘lsa — talab qo‘yilgan paytdagi narx;
  • narx pasaygan bo‘lsa — xarid qilingan paytdagi narx asosida hisoblanadi.

Shartnoma bekor qilinsa qancha pul qaytariladi?

Agar iste’molchi nuqson tufayli shartnomani bekor qilsa:

  • tovar narxi xariddan keyin oshgan bo‘lsa — hisob-kitob talab qo‘yilgan paytdagi narx asosida;
  • tovar narxi pasaygan bo‘lsa — xarid paytidagi narx asosida amalga oshiriladi.

Bu qoida iste’molchini tovar qimmatlashgan taqdirda avval to‘lagan past narx bilan cheklab qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

Kreditga olingan tovar qaytarilsa nima bo‘ladi?

Agar kreditga sotilgan nuqsonli tovar bo‘yicha shartnoma bekor qilinib tovar qaytarilsa, iste’molchiga:

  • tovar qaytarilgunga qadar shartnoma bo‘yicha to‘langan pullar;
  • kredit olish bilan bevosita bog‘liq xarajatlar;
  • kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar qoplab berilishi lozim.

Pul qanday shaklda qaytariladi?

Agar taraflar boshqacha kelishmagan bo‘lsa, tovar uchun to‘langan pul iste’molchiga xarid vaqtida qanday shaklda to‘langan bo‘lsa, xuddi shu shaklda qaytariladi.

Hajmi katta yoki vazni 5 kilogrammdan ortiq tovarni almashtirish, ta’mirlash yoki qaytarish uchun tashish sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi kuchi va hisobidan amalga oshiriladi. Agar bu majburiyat bajarilmasa, iste’molchining tashish xarajatlari qoplab berilishi shart.

Chat