Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 25895 marta o'qildi

Qanday zarar qoplanishi kerak?

Tovar, ish yoki xizmatning tuzilishi, ishlab chiqarilishi, tarkibi yoki boshqa nuqsonlari, shuningdek xavfsizlikni ta’minlamaydigan material, uskuna yoki vositalar qo‘llanilishi oqibatida iste’molchining:

  • hayotiga;
  • sog‘lig‘iga;
  • mol-mulkiga etkazilgan zarar sotuvchi, ishlab chiqaruvchi yoki ijrochi tomonidan qoplanishi lozim.

Faqat tovarni o‘zi sotib olgan shaxs talab qila oladimi?

Yo‘q. Tovar, ish yoki xizmat nuqsoni tufayli zarar ko‘rgan har qanday iste’molchi, u sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi bilan bevosita shartnoma tuzgan yoki tuzmaganidan qat’i nazar, zarar qoplanishini talab qilishi mumkin.

Masalan, tovarni boshqa shaxs sotib olgan bo‘lsa-da, uni ishlatgan oila a’zosining sog‘lig‘iga nuqsonli tovar tufayli zarar etsa, u ham tegishli talabni qo‘yishi mumkin.

Zarar qaysi muddatda yuzaga kelgan bo‘lishi kerak?

Zarar:

  • tovar uchun belgilangan xizmat yoki yaroqlilik muddati davomida;
  • agar bunday muddat umuman belgilanmagan bo‘lsa — tovar ishlab chiqarilgan yoki ish/xizmat qabul qilingan paytdan boshlab 10 yil ichida yuzaga kelgan bo‘lsa, qoplanishi lozim.

Sotuvchi, ishlab chiqaruvchi yoki ijrochi zarar bartaraf qilib bo‘lmaydigan kuch yoki iste’molchining foydalanish, saqlash yoxud tashish qoidalarini buzishi natijasida kelib chiqqanini isbotlasa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Ekspertiza xarajatlari kim tomonidan qoplanadi?

Agar tekshiruv, test yoki ekspertiza natijasida tovar, ish yoki xizmatda nuqson borligi va u normativ talablarga mos emasligi tasdiqlansa, sotuvchi, ishlab chiqaruvchi yoki ijrochi ekspertiza bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplashi lozim.

Ma’naviy zarar ham qoplanadimi?

Ha. Iste’molchi huquqlari buzilishi natijasida unga ma’naviy zarar etkazilgan bo‘lsa, aybdor shaxs uni qoplashi shart.

Ma’naviy zarar uchun kompensatsiya miqdorini sud belgilaydi. Bu kompensatsiya mulkiy zarar va boshqa yo‘qotishlarni qoplashdan alohida undiriladi.

2026-yildan kim yana javobgar bo‘lishi mumkin?

Agar iste’molchining hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar muvofiqlikni baholash qoidalarining buzilishi natijasida etkazilgan bo‘lsa, muvofiqlikni baholash organi ham sotuvchi, ishlab chiqaruvchi yoki ijrochi bilan birgalikda solidar javobgar bo‘ladi.

Eslatma: zarar etkazilganda tibbiy hujjatlar, xarid yoki xizmatni tasdiqlovchi hujjatlar, foto-video materiallar, ekspertiza xulosalari va qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash talabni asoslashda muhim ahamiyatga ega.

Chat