Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19841 marta o'qildi

Xarid qilishdan oldin nimani tekshirish kerak?

Tovar yoki xizmat uchun pul to‘lashdan oldin sotuvchi haqida etarli ma’lumot borligini tekshirish lozim.

Ayniqsa:

  • sotuvchining to‘liq nomi va yuridik manzili;
  • shikoyatlarni qabul qilish tartibi;
  • import tovarlarda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi haqidagi ma’lumot;
  • tovarning asosiy xususiyatlari;
  • narxi, etkazib berish narxi va to‘lov shartlari;
  • kafolat va ta’mirlash shartlari;
  • shartnomani bekor qilish tartibi;
  • faoliyat litsenziya yoki ruxsatnoma talab qilsa, uning QR-kodi mavjudligini tekshirish muhim.

Ma’lumotlarning yo‘qligi har doim firibgarlikni anglatmaydi, ammo xaridni amalga oshirishdan oldin sotuvchining ishonchliligini qo‘shimcha tekshirish uchun jiddiy sabab hisoblanadi.

Tovarni olganda nimani tekshirish kerak?

Onlayn sotuvchi namuna yoki tavsif bo‘yicha buyurtma qilingan tovarga mos tovarni etkazishi shart.

Iste’molchi tovarni qabul qilish vaqtida:

  • uning butligini;
  • ishlashini;
  • komplektatsiyasini;
  • buyurtmadagi tavsifga mosligini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Agar tovar namuna yoki tavsifga mos kelmasa, iste’molchi uni almashtirish yoki pulini qaytarishni talab qilishi mumkin. Bunday tovarni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlar sotuvchi zimmasida bo‘ladi.

Qadoq ochilsa qaytarish huquqi yo‘qoladimi?

Yo‘q, har doim ham emas. Agar tovar qiymati iste’molchining aybisiz pasaygan bo‘lsa yoki tovarni ko‘zdan kechirish va tekshirish uchun qadog‘i ochilgan bo‘lsa, bu holat iste’molchini onlayn shartnomani bekor qilish huquqidan avtomatik ravishda mahrum qilmaydi.

Shartnoma bekor qilinganda sotuvchi iste’molchiga tovarni qaerga qaytarish kerakligi haqida xabar berishi shart.

Pul qaytarilmasa nima qilish mumkin?

Agar onlayn shartnoma bekor qilinganidan keyin iste’molchi to‘lagan pul shartnomada belgilangan muddatda qaytarilmasa, sotuvchi kechiktirilgan har bir kun uchun qaytarilishi lozim bo‘lgan summaning 1 foizi miqdorida penya to‘laydi.

Penyaning umumiy miqdori qaytarilishi lozim bo‘lgan summadan oshmasligi kerak.

Bank karta ma’lumotlarini qanday himoya qilish kerak?

Karta raqami, amal qilish muddati yoki boshqa ma’lumotlarni faqat to‘lov uchun zarur bo‘lgan ishonchli to‘lov sahifasida kiritish lozim.

SMS-kod, bank ilovasi paroli, PIN-kod va boshqa tasdiqlash kodlarini sotuvchi yoki boshqa shaxsga berish kerak emas.

Aldash orqali pul olib qo‘yilsa nima qilish kerak?

Firibgarlik — aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritish bilan bog‘liq jinoyat.

Axborot tizimi yoki axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik Jinoyat kodeksining 168-moddasida alohida og‘irlashtiruvchi holat sifatida nazarda tutilgan.

Bunday holatda to‘lov cheki, yozishmalar, reklama yoki e’lon skrinshotlari, telefon raqamlari, karta yoki hisob raqamlari haqidagi ma’lumotlar va boshqa dalillarni saqlab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish maqsadga muvofiq.

Eslatma: tovar sifatidan norozilik bilan haqiqiy firibgarlikni farqlash kerak. Oddiy sifat yoki shartnoma nizosi iste’molchi huquqlarini himoya qilish tartibida hal etilishi mumkin, aldash orqali mulkni egallash alomatlari bo‘lsa esa jinoiy-huquqiy masala yuzaga keladi.

Chat