Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17172 marta o'qildi

Egasiz turar joy tushunchasi

Egasi bo‘lmagan yoki egasi noma’lum bo‘lgan turar joy egasiz turar joy hisoblanadi. Egasizlik belgilari aniqlanganda, avvalo uy-joyning mulkdori yoki uning ishonchli vakilini topish choralari ko‘riladi.

Turar joy 6 oydan ortiq bo‘sh turgan va unda qonuniy asosda yashaydigan shaxslar bo‘lmagan holda quyidagi belgilardan biri mavjud bo‘lsa, hisobga qo‘yilishi mumkin:

  • kommunal xizmatlar va turar joyni saqlash xarajatlaridan qarzdorlik mavjudligi;
  • turar joyning butligi va saqlanishi ta’minlanmay, uning buzilishi yoki unga uchinchi shaxslarning kirish urinishlariga yo‘l qo‘yilganligi.

Ushbu holatlar birgalikda yoki alohida mavjud bo‘lishi etarli.

Hisobga qo‘yish tartibi

Egasiz turar joylar haqidagi ma’lumotlar mahalla, boshqaruv organlari, kommunal korxonalar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taqdim etilishi mumkin.

Turar joy fondi saqlanishi monitoringi bo‘yicha komissiya:

  • ob’ektni xatlovdan o‘tkazadi;
  • mulkdor haqida kadastr, ichki ishlar va boshqa organlardan ma’lumot so‘raydi;
  • egasizlik belgilari bo‘yicha dalolatnoma va boshqa materiallarni rasmiylashtiradi;
  • hujjatlarni tegishli shahar yoki tuman hokimligiga taqdim etadi.

Hokimlik materiallar kelib tushganidan keyin 10 kun ichida turar joyni egasiz ko‘chmas mulk sifatida hisobga qo‘yish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ariza yuboradi.

Hisobga qo‘yilmaydigan holatlar

Mulkdor:

  • ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan;
  • o‘qish, davolanish yoki mehnat faoliyati sababli chet elda bo‘lgan;
  • muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan;
  • tibbiyot muassasasida uzoq vaqt davolanayotgan bo‘lsa, uy-joyni egasiz sifatida hisobga qo‘yish mumkin emas.

Muhim: uy-joyning 6 oydan ortiq bo‘sh turishi uni avtomatik ravishda davlat mulkiga aylantirmaydi. Ob’ekt kamida 3 yil hisobda turishi va uni davlat mulkiga o‘tkazish haqida sud qarori qabul qilinishi shart.

Mulkdor yoki uning vakili sud qarori qabul qilinguniga qadar qaytib kelsa, hokimlikka ariza berib, uy-joyni hisobdan chiqarishni so‘rashi mumkin. Ariza komissiya bilan birgalikda 3 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Chat