Noturar joylar tarkibi
Ko‘p kvartirali uylardagi noturar joylarga:
- uyni qurish loyihasida nazarda tutilgan ichiga qurilgan yoki yonma-yon qurilgan joylar;
- quyi qavatdagi turar joydan noturar joyga belgilangan tartibda o‘tkazilgan joylar;
- texnik maqsaddagi xonalardan tashqari, qayta jihozlangan erto‘la va yarim erto‘la joylar kiradi.
Noturar joydan faqat uning belgilangan maqsadi bo‘yicha foydalanish mumkin.
Noturar joyga qo‘yiladigan talablar
Noturar joy:
- boshqa turar joylardan alohida kirish eshigiga;
- tabiiy yoritish va ventilyatsiyaga;
- tegishli tarzda pardozlangan devor, shift va polga;
- sanitariya, yong‘in xavfsizligi va texnik talablarga javob beradigan muhandislik tarmoqlariga ega bo‘lishi kerak.
Mulkdor yoki ijaraga oluvchi joyni o‘z hisobidan saqlaydi va ta’mirlaydi, kommunal xizmatlar haqini hamda ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkini saqlash xarajatlaridagi tegishli ulushini to‘laydi.
Noturar joy mulkdori ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkidagi ulushli mulk ishtirokchisi hisoblanadi. Uning umumiy xarajatlardagi ulushi o‘ziga qarashli noturar joy maydoniga mutanosib ravishda belgilanadi.
Taqiqlangan faoliyatlar
Ko‘p kvartirali uydagi noturar joyda:
- sanoat ishlab chiqarishini;
- loyihada nazarda tutilmagan miqdorda o‘rindiqlarga ega yoki soat 23:00 dan keyin ishlaydigan restoran, kafe, bar va boshqa umumiy ovqatlanish ob’ektlarini;
- portlovchi yoki tez alangalanuvchi moddalar bilan bog‘liq savdo va xizmatlarni;
- tez alangalanuvchi moddalar ishlatiladigan kimyoviy tozalash shoxobchalarini;
- 10 tadan ortiq ish o‘rniga ega poyabzal ta’mirlash ustaxonalarini;
- hammom, sauna, jamoat hojatxonasi va marosim xizmatlari ob’ektlarini joylashtirish taqiqlanadi.
Nosanoat yo‘nalishidagi korxona, muassasa, tashkilot va ofislarni qonunchilik talablariga rioya qilgan holda joylashtirish mumkin.
Muhim: noturar joydan foydalanish qo‘shnilarning osoyishtaligi, xavfsizligi va umumiy mol-mulkdan foydalanish huquqini buzmasligi kerak. Uyning yuk ko‘taruvchi konstruktsiyalari yoki umumiy muhandislik tarmoqlarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish mumkin emas.