Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17822 marta o'qildi

Bitimni rasmiylashtirish

Uy-joy yoki kvartirani sotish, ayirboshlash yoki hadya qilish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi shart. Taraflar istalgan davlat notarial idorasi yoki xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusga murojaat qilishi mumkin.

Notarius axborot tizimlari orqali:

  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni;
  • ob’ektning kadastr ma’lumotlarini;
  • mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq yoki xatlov mavjud emasligini;
  • ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlikni;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlaridan qarzdorlik mavjud emasligini tekshiradi.

Tizimda ma’lumot mavjud bo‘lmasa yoki texnik nosozlik yuz bersa, tasdiqlovchi hujjatlar taraflardan so‘ralishi mumkin.

Rozilik talab etiladigan holatlar

Nikoh davomida orttirilgan umumiy ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish uchun er yoki xotinning notarial tasdiqlangan yozma roziligi talab qilinadi.

Bunday rozilik:

  • mulk nikohdan oldin olingan;
  • meros yoki hadya asosida olingan;
  • nikoh shartnomasi, sud hujjati yoki notarial kelishuv asosida alohida mulkka aylangan hollarda talab etilmaydi.

Umumiy ulushli mulkdagi ulush sotilayotganda boshqa mulkdorlar uni sotilayotgan narx va shartlarda sotib olish bo‘yicha imtiyozli huquqqa ega. Ular sotish shartlari haqida yozma ravishda xabardor qilinishi kerak.

Voyaga etmagan yoki muomalaga layoqatsiz shaxsga tegishli uy-joyni boshqa shaxsga o‘tkazishda vasiylik va homiylik organining ruxsati talab etiladi. Vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini hadya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mulk huquqining o‘tishi

Notarius bitimni tasdiqlagandan keyin ma’lumotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun elektron tarzda yuboriladi.

Muhim: uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi faqat shartnoma imzolangan yoki notarial tasdiqlangan paytdan emas, balki huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin to‘liq rasmiylashadi.

Chat