Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 183882 marta o'qildi

O‘quvchilarning bilim saviyasi va o‘zlashtirish darajasi quyidagi nazorat turlarini o‘tkazish orqali baholanadi:

joriy nazorat — so‘rovlar, nazorat ishlari yoki testlar tarzida o‘quvchilarning bilimlari, ko‘nikma va malakalari muntazam nazorat qilinadi;

oraliq nazorat — chorak tamom bo‘lganda va o‘quv dasturining tegishli bo‘limi tugallangandan keyin o‘quvchilarning bilimlari, ko‘nikma va malakalarini baholash uchun amalga oshiriladi. U yozma nazorat ishi yoki testlar shaklida o‘tkaziladi. Ushbu nazoratda foydalaniladigan materiallar o‘quv fani o‘qituvchisi tomonidan tayyorlanadi.


  • Har bir nazorat turi qanday shaklda o‘tkazilishidan qat’i nazar, besh ballik («5», «4», «3», «2», «1») usulda butun sonlar yordamida baholanadi.
  • O‘quvchilarning nazorat turlari bo‘yicha olgan ballari hamda choraklik (yarim yillik) va yillik (yakuniy) baholari, shuningdek, yillik reyting ko‘rsatkich ballari sinf jurnaliga qayd etiladi.
  • O‘quvchining choraklik (yarim yillik), yillik (yakuniy) baholari va yillik reyting ko‘rsatkich ballari uning tabelida qayd etiladi.

Baholash o‘quvchini sinfdan-sinfga o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Choraklik va yillik baho chiqarish

Haftasiga 1 soatdan ortiq o‘qitiladigan o‘quv fanlari bo‘yicha:

  • chorak davomida joriy va oraliq nazoratlarda olingan ballar asosida choraklik baho;
  • choraklik baholar va bosqichli nazoratda olingan ball asosida yillik baho aniqlanadi.

Bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan o‘quv fanlari bo‘yicha yillik baholar choraklik baholarga qarab belgilanadi.

Haftasiga 0,5 va 1 soat o‘qitiladigan o‘quv fanlari bo‘yicha:

  • yarim yil davomida joriy va oraliq nazoratlarda olingan ballar asosida yarim yillik baho;
  • yarim yillik baholar va bosqichli nazoratda olingan ball asosida yillik baho aniqlanadi.

Bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan o‘quv fanlari bo‘yicha yillik baholar yarim yillik baholarga qarab belgilanadi.

Yakuniy baho
  • Bitiruvchilar uchun choraklik (yarim yillik) baholar asosida yillik baho, shuningdek yakuniy nazoratda olingan ball va yillik baho asosida yakuniy baho aniqlanadi.
  • Yakuniy davlat attestatsiyasi belgilanmagan o‘quv fanlari bo‘yicha yillik baho yakuniy baho hisoblanadi. Yakuniy baholar bitiruvchiga beriladigan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga qayd etiladi.

Yuqori sinfga o‘tkazish
  • Yuqori sinfga o‘tkazishda bosqichli nazorat o‘tkaziladi.
  • Bosqichli nazorat o‘quv yili tamom bo‘lgandan keyin og‘zaki, yozma imtihon hamda test sinovlari shaklida amalga oshiriladi. Uning asosida reyting aniqlanadi va o‘quvchini navbatdagi sinfga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
  • Bosqichli nazorat materiallari namunalari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlanadi.
  • O‘quvchini keyingi sinfga o‘tkazish ijobiy baho olgan taqdirda amalga oshiriladi. Maktab pedagogika kengashi qarori bilan o‘quvchilar qoniqarsiz baholar bilan ham sinfdan-sinfga o‘tkazilishi mumkin.

Qayta topshirish
  • O‘quvchi uning ota-onasi yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar yillik bahodan norozi bo‘lsa, unga maktab pedagogika kengashi tomonidan tuziladigan tegishli fan komissiyasiga (ota-onalar yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar ishtirokida, agar ular shuni xohlasalar) imtihon topshirish imkoni beriladi.
  • Qayta imtihon topshirishga barcha ko‘chirish sinflarida (bitiruv sinflari bundan mustasno) faqat joriy o‘quv yilida o‘qitilgan fanlar bo‘yicha ruxsat beriladi.

Chat