Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 20358 marta o'qildi

Logopediya shoxobchasi nima uchun tashkil etiladi

Logopediya shoxobchasi umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishga to‘sqinlik qilayotgan nutq nuqsonlarining oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida tashkil etiladi.

Shoxobchada bolalarga korrektsion-logopedik yordam ko‘rsatiladi, shuningdek o‘qituvchilar va ota-onalarga bolaning nutqiy rivojlanishi yuzasidan amaliy ko‘mak beriladi. Logopediya shoxobchalari faoliyati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Korrektsion-logopedik yordam — boladagi nutq nuqsonlarini aniqlash, kamaytirish yoki bartaraf etishga qaratilgan maxsus pedagogik mashg‘ulotlar.

Qaysi o‘quvchilar qabul qilinadi

Logopediya shoxobchasiga og‘zaki nutq yoki tovush talaffuzida kamchiliklari aniqlangan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari qabul qilinadi.

Jumladan:

— nutqi to‘liq rivojlanmagan 1-sinf o‘quvchilari;

— tovushlarni talaffuz qilishda kamchiliklari bo‘lgan 1–4-sinf o‘quvchilari;

— rinolaliya, dizartriya yoki duduqlanish kabi nutq apparati bilan bog‘liq nuqsonlari bo‘lgan 1–4-sinf o‘quvchilari qabul qilinadi.

Zarurat bo‘lganda bolaning holatiga aniqlik kiritish uchun u nevrolog, psixonevrolog, otorinolaringolog va boshqa tibbiyot mutaxassislari ko‘rigidan o‘tkazilishi mumkin.

O‘quvchilar qanday saralanadi

Har yili 3-sentabrga qadar maktab direktori buyrug‘i bilan logopediya shoxobchasiga qabul qilinadigan o‘quvchilarni aniqlash uchun kamida 5 nafar a’zodan iborat ishchi guruh tuziladi.

Uning tarkibiga maktab direktori, psixolog, logopediya shoxobchasi mudiri, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va tibbiyot xodimi kiritiladi.

Aniqlangan o‘quvchilar ro‘yxati direktor tomonidan tasdiqlanib, 15-sentabrga qadar tegishli tuman yoki shahar ta’lim bo‘linmasiga taqdim etiladi.

Agar nutq nuqsoni o‘quv yili davomida aniqlansa, bola yil boshini kutmasdan belgilangan tartibda logopediya shoxobchasiga qabul qilinishi mumkin.

Mashg‘ulotlar qanday o‘tkaziladi

Korrektsion-logopedik mashg‘ulotlar maktab ma’muriyati bilan kelishilgan jadval asosida darsdan tashqari vaqtda, guruhli yoki yakka tartibda o‘tkaziladi.

Nutq nuqsonining turiga qarab mashg‘ulotlar quyidagicha tashkil etiladi:

— nutqi to‘liq rivojlanmagan 1-sinf o‘quvchilari — 8–10 nafarlik guruhda 40–45 daqiqadan, haftasiga 2-marta, bir o‘quv yili davomida;

— tovush talaffuzida kamchiligi bo‘lgan 1–4-sinf o‘quvchilari — 8–10 nafarlik guruhda 40–45 daqiqadan, haftasiga 3-marta, bir o‘quv yili davomida;

— rinolaliya, dizartriya yoki duduqlanishi bo‘lgan o‘quvchilar — yakka tartibda 15 daqiqadan, haftasiga 3-marta, nutq nuqsoni bartaraf etilgunga qadar.

Yakka tartibdagi mashg‘ulot — logoped tomonidan bir nafar o‘quvchining nutqidagi muayyan nuqsonga mos ravishda alohida o‘tkaziladigan mashg‘ulot.

Logopediya shoxobchasidan qachon chiqariladi

O‘quvchining nutq nuqsoni bartaraf etilsa, u logopediya shoxobchasi mudirining ishchi guruh bilan kelishilgan xulosasi asosida 15–25-may kunlari shoxobcha o‘quvchilari safidan chiqariladi.

Logopediya shoxobchasida o‘qituvchi-logoped yoki defektolog sifatida oliy ma’lumotli mutaxassislar ishlashi mumkin. O‘qituvchi-logopedning haftalik o‘quv yuklamasi 18 o‘quv soatidan oshmasligi lozim.

Chat