Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21747 marta o'qildi

O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar bilan bog‘liq holatlardagi  asosiy muammo nima?

Kimlar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs sifatida e’tirof etiladi?

Doimiy yoki muntazam parvarish, maishiy yordam va ijtimoiy xizmatlarga muhtoj bo‘lgan:

  • yolg‘iz keksalar;
  • yolg‘iz yashovchi keksalar;
  • yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar baholash natijasida tegishli toifaga kiritilishi mumkin. Shaxsni toifaga kiritish va Reestrga qo‘shish haqidagi qarorni «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi qabul qiladi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs — sog‘lig‘i va kundalik hayotdagi imkoniyatlari sababli boshqa shaxsning yordamiga hamda ijtimoiy xizmatlarga ehtiyoj sezadigan keksa yoki nogironligi bo‘lgan shaxs.

Shaxs qanday aniqlanadi?

Bunday shaxs:

  • mahalladagi ijtimoiy xodim, patronaj hamshira yoki mahalla raisi tomonidan uyma-uy o‘rganish jarayonida;
  • shaxsning o‘zi yoki qonuniy vakilining murojaati asosida;
  • boshqa jismoniy yoki yuridik shaxsning yozma, og‘zaki yoki elektron xabari orqali aniqlanishi mumkin.

Murojaat «Ijtimoiy himoya» axborot tizimida ro‘yxatga olinadi va bir ish kunida uni o‘rganuvchi ijtimoiy xodim belgilanadi. Murojaatni qonuniy vakil bo‘lmagan shaxs bersa, ko‘rilgan choralar haqida unga besh ish kuni ichida xabar qilinadi.

Yashash sharoiti kim tomonidan baholanadi?

Baholashni:

  • «Inson» markazi xodimi;
  • oilaviy shifokor;
  • mahalla raisi ishtirokidagi mulьtidistsiplinar guruh o‘tkazadi.

Guruh shaxsning sog‘lig‘i, kundalik faoliyati, o‘zgalar parvarishiga ehtiyoji, uy-joy sharoiti, ijtimoiy va huquqiy himoyaga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganadi.

Mulьtidistsiplinar guruh — shaxsning tibbiy, ijtimoiy va maishiy ehtiyojlarini birgalikda baholaydigan turli soha vakillaridan iborat guruh.

Qanday qaror qabul qilinadi?

Mulьtidistsiplinar guruh xulosasi asosida «Inson» markazi direktori:

  • shaxsning tegishli toifasini belgilaydi;
  • uni Reestrga kiritadi;
  • individual ijtimoiy xizmatlar va yordamlar rejasini tasdiqlaydi.

Qaror va reja elektron tizimda rasmiylashtiriladi. Shaxsga natija SMS orqali xabar qilinadi yoki hujjat nusxasi ijtimoiy xodim tomonidan etkaziladi.

Qanday xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin?

Individual rejaga shaxsning ehtiyojiga qarab:

  • profilaktik tibbiy ko‘rik va oilaviy shifokor nazorati;
  • davolanishga yo‘naltirish va sog‘lomlashtirish;
  • imtiyozli dori vositalari bilan ta’minlash;
  • uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish;
  • uy-joyni shaxs ehtiyojiga moslashtirish;
  • hujjatlarni tiklash va yuridik yordam;
  • reabilitatsiya, ijtimoiylashuv va boshqa xizmatlar kiritilishi mumkin.

Individual ijtimoiy xizmatlar rejasi — shaxsning aniq ehtiyojlaridan kelib chiqib, unga ko‘rsatiladigan xizmatlar, mas’ul tashkilotlar va amalga oshirish choralarini belgilaydigan hujjat.

Xizmatdan voz kechish mumkinmi?

Shaxs individual rejadagi barcha yoki ayrim xizmatlardan voz kechish huquqiga ega. Xizmatlarning natijasi monitoring qilinadi va ehtiyoj o‘zgarsa, reja qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Qaror, harakat yoki harakatsizlikdan norozi shaxs Ijtimoiy himoya milliy agentligining yuqori turuvchi bo‘linmasiga yoki ma’muriy sudga shikoyat qilishi mumkin.

Chat