Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23144 marta o'qildi

Bank kartasi bloklansa nima qilish kerak?

Bank kartasi turli sabablarga ko‘ra bloklanishi yoki karta bo‘yicha operatsiyalar vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Sababni aniqlash uchun karta chiqargan bankning mobil ilovasi, xabarnomalari yoki qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali tekshirish, zarur bo‘lsa bankka murojaat qilish kerak.

Agar bank mijozning hisobvarag‘i, omonati yoki bank kartasi bo‘yicha operatsiyalarni o‘zi to‘xtatib qo‘ysa, PIN-kod noto‘g‘ri kiritilishi oqibatidagi blokirovka bundan mustasno, bank operatsiya to‘xtatilgan sanadan keyingi ish kunidan kechiktirmay mijozga bu haqda va uning sabablari to‘g‘risida xabar berishi shart.

Shu sababli «karta uzoq vaqt ishlatilmagani uchun albatta bloklanadi» degan umumiy qoida yo‘q — blokirovka sababi muayyan karta va bank qoidalariga qarab aniqlanadi.

Bank mijozning hisobvarag‘idagi pulni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf eta oladimi?

Yo‘q. Mijoz bank hisobvarag‘idagi o‘z mablag‘larini mustaqil tasarruf etadi. Bank puldan qanday foydalanishni belgilashi yoki qonun yoxud bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilmagan cheklovlarni kiritishi mumkin emas.

Qoida tariqasida, hisobvaraqdan pul mijozning topshirig‘i asosida o‘chiriladi. Mijozning topshirig‘isiz mablag‘ni hisobdan chiqarishga:

  • sud qarori asosida;
  • qonunda nazarda tutilgan hollarda;
  • bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Agar bank mablag‘ni asossiz hisobdan chiqargan bo‘lsa, mijoz tegishli summani hisobvarag‘iga qaytarishni va qonunda nazarda tutilgan hollarda etkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Vafot etgan shaxsning bankdagi omonati va operatsiyalari haqida ma’lumot olish mumkinmi?

Ha. Jismoniy shaxs vafot etganda bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar qonunda belgilangan tartibda:

  • vasiyatnomada ko‘rsatilgan shaxslarga;
  • merosxo‘rlarga;
  • vasiyatnomani ijro etuvchiga taqdim etilishi mumkin.

Notarial va konsullik muassasalari ham meros mol-mulkining tarkibi va joylashgan joyini aniqlash uchun zarur bank ma’lumotlarini olish huquqiga ega.

Agar murojaat qonunchilik talablariga muvofiq rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, bank kamchiliklar va zarur hujjatlar ro‘yxatini ko‘rsatib, murojaat qilgan shaxsni 5 ish kuni ichida xabardor qiladi.

Hujjatlar to‘g‘ri taqdim etilganda bank tegishli mijoz haqidagi to‘liq axborot va hujjatlarni 5 ish kuni ichida taqdim etishi shart.

Eslatma: yaqin qarindosh ekanlikning o‘zi bank sirini olish uchun etarli emas. Ma’lumot qonunda ko‘rsatilgan maqom va tegishli hujjatlar asosida taqdim etiladi.

Chat