Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 47564 marta o'qildi

Loyihadan kuchga kirgan qonungacha 7 kun kifoya. Bank siri qonunida nima  o‘zgardi?

Qanday ma’lumotlar bank siri hisoblanadi?

Bank siriga, jumladan:

  • mijozning operatsiyalari;
  • bank hisobvaraqlari va omonatlari;
  • bank xizmat ko‘rsatish jarayonida mijoz haqida olgan ma’lumotlar;
  • bank seyfi yoki bank binosida saqlanayotgan mol-mulk, uning xususiyati va qiymati;
  • mijoz topshirig‘i yoki uning manfaati uchun amalga oshirilgan banklararo operatsiyalar;
  • boshqa bank mijozi haqida banklararo axborot almashinuvi natijasida ma’lum bo‘lgan axborot kiradi.

Bank bu ma’lumotlarni qanday muhofaza qilishi kerak?

Bank va uning xodimlari bank sirini qonunchilikda nazarda tutilmagan tarzda oshkor qilishi yoki shaxsiy maqsadda va boshqa shaxslar manfaati uchun foydalanishi mumkin emas. Bank bank sirini saqlash uchun zarur tashkiliy va texnik, shu jumladan axborot va kiberxavfsizlik choralarini ko‘rishi shart.

Mijoz o‘z ma’lumotini olishi mumkinmi?

Ha. Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar mijozning o‘ziga, uning vakolat berilgan vakiliga, shuningdek qonunda belgilangan hollarda boshqa shaxs va davlat organlariga taqdim etiladi.

Demak, «bank siri» degani mijozning o‘zi ham o‘z hisobvarag‘i haqida axborot ola olmaydi degani emas.

Davlat organlariga bank siri berilishi mumkinmi?

Ha, lekin faqat qonunda belgilangan asos, doira va tartibda. Masalan, maxsus vakolatli organlarga jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq axborot, shuningdek qonun bevosita vakolat bergan boshqa organlarga ularning vazifalari uchun zarur ma’lumotlar taqdim etilishi mumkin.

Vafot etgan shaxsning bank ma’lumotini merosxo‘r olishi mumkinmi?

Ha. Jismoniy shaxs vafot etganda bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar qonunda belgilangan tartibda:

  • vasiyatnomada ko‘rsatilgan shaxslarga;
  • merosxo‘rlarga;
  • vasiyatnomani ijro etuvchiga taqdim etilishi mumkin. Meros tarkibi va joylashgan joyini aniqlash zarur bo‘lganda notarial va konsullik muassasalari ham tegishli ma’lumotlarni olishi mumkin.

Zarur hujjatlar to‘g‘ri taqdim etilsa, bank tegishli to‘liq axborot va hujjatlarni 5 ish kuni ichida yopiq konvertda yoki himoyalangan elektron kanal orqali taqdim etishi shart. Hujjatlar etarli bo‘lmasa, kamchiliklar haqida ham 5 ish kuni ichida xabar beriladi.

Ijtimoiy yordam tayinlashda bank ma’lumotlari tekshirilishi mumkinmi?

Ha. 2025-yil 17-dekabrdan Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xizmat yoki yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lsa, ariza asosida ariza beruvchi va qonunda belgilangan ayrim oila a’zolariga oid bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni olish va qayta ishlash huquqiga ega.

Ma’lumot uchinchi shaxsga qachon berilishi mumkin?

2025-yil 25-sentabrdan mijozning bank oldidagi majburiyati qonunda belgilangan tartibda uchinchi shaxs tomonidan bajarilganda yoki bankning huquqi (talabi) boshqa shaxsga o‘tganda, bank siri ma’lumoti faqat bajarilayotgan majburiyat yoki o‘tgan talab doirasida tegishli uchinchi shaxsga taqdim etilishi mumkin.

Bank sirini qonunsiz oshkor qilish mumkinmi?

Yo‘q. Bank sirini ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish, og‘zaki yoki yozma shaklda uchinchi shaxslarga etkazish yoki uni olish imkonini qonunsiz yaratib berish bank sirini oshkor qilish hisoblanadi. Qonun bank siri talablarini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.

Eslatma: davlat organi yoki boshqa shaxs bank sirini so‘rayotgani ma’lumot avtomatik ravishda beriladi degani emas. Bank axborotni faqat qonunda belgilangan asos va doirada taqdim etishi mumkin.

Chat