Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 60871 marta o'qildi

Kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi mehnat va mashg‘ulotlar sohasida jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishni taqiqlaydi.

Homiladorligi yoki farzandlari borligi bilan bog‘liq sababga ko‘ra shaxsni:

  • ishga qabul qilishni rad etish;
  • ishdan bo‘shatish;
  • ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.

Ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etsa, homilador ayol yoki farzandlari bor shaxsning talabi bo‘yicha uch kun ichida rad etish sabablarining imzolangan yozma asosini taqdim etishi shart.

Yozma asos berilmaganligi ishga qabul qilishni rad etish ustidan shikoyat qilishga to‘sqinlik qilmaydi.

Homilador ayolga, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayolga yoki uch yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan otaga (vasiyga) dastlabki sinov belgilanmaydi.

Ish sharoitlariga oid kafolatlar

Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayolning ishlab chiqarish normalari kamaytiriladi yoki u engilroq, noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi. Bunda uning avvalgi ishi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

Ikki yoshga to‘lmagan bolani parvarish qilayotgan ota-onadan biri avvalgi ishini bajara olmasa, uning arizasiga ko‘ra bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin.

Homilador ayollar va bolalari bor shaxslarni tungi, ish vaqtidan tashqari, dam olish yoki bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish hamda xizmat safariga yuborishda Mehnat kodeksidagi maxsus shartlar, jumladan yozma rozilik va tibbiy cheklovlar hisobga olinadi.

Teng haq va lavozim bo‘yicha o‘sish

Ish beruvchi teng qiymatli mehnat uchun teng haq to‘lashi, ishga qabul qilish, kasbiy tayyorlash va lavozim bo‘yicha ko‘tarishda xotin-qizlar uchun erkaklar bilan teng imkoniyatlar yaratishi shart.

Homiladorlik yoki farzandning mavjudligi xodimning kasbiy malakasini baholash mezoni hisoblanmaydi.

Mehnat huquqlari buzilgan shaxs Davlat mehnat inspektsiyasiga, kasaba uyushmasiga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.

Chat