Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 33353 marta o'qildi

Apostilь tushunchasi

Apostilь — O‘zbekistonda rasmiylashtirilgan hujjatdan Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Gaaga konventsiyasi qatnashchisi bo‘lgan boshqa davlatda foydalanish imkonini beruvchi maxsus shtamp.

Apostilь bilan:

  • hujjatni imzolagan mansabdor shaxs imzosining haqiqiyligi;
  • ushbu shaxsning hujjatni imzolash vakolati;
  • hujjatdagi muhr yoki shtamp bosma izining haqiqiyligi tasdiqlanadi.

Apostilь hujjatda bayon etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini yoki hujjat mazmunini emas, uning imzosi, muhri va mansabdor shaxs vakolatini tasdiqlaydi.

Apostilga qo‘yilgan imzo qo‘shimcha tasdiqlashni talab qilmaydi. Agar hujjatdan foydalaniladigan davlat Gaaga konventsiyasi qatnashchisi bo‘lmasa, hujjatni konsullik legalizatsiyasidan o‘tkazish talab etilishi mumkin.

Apostilь qo‘yishga vakolatli organlar

Apostilь hujjatni bergan organga qarab quyidagilar tomonidan qo‘yiladi:

  • adliya organlari va muassasalari hamda FHDYo organlari hujjatlariga — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari;
  • sudlardan chiqadigan hujjatlarga — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi;
  • prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv organlari hujjatlariga — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari hujjatlariga — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
  • o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkilotlari hujjatlariga — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi;
  • boshqa rasmiy hujjatlarga — Tashqi ishlar vazirligi.

Apostilь qo‘yilmaydigan hujjatlar

Apostilь quyidagilarga qo‘yilmaydi:

  • O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari rasmiylashtirgan hujjatlarga;
  • tijorat yoki bojxona operatsiyalariga bevosita aloqador hujjatlarga;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportiga;
  • ID-kartaga;
  • harbiy biletga.

Hujjatni topshirishdan oldin undan foydalaniladigan davlat apostilni qabul qilishi va hujjat uchun tarjima talab etilishi yoki etilmasligini aniqlashtirish zarur.

Murojaat qilish tartibi

Apostilь an’anaviy yoki elektron shaklda qo‘yiladi.

An’anaviy tartibda murojaat etuvchi yoki uning ishonchnoma asosidagi vakili hujjat turiga muvofiq vakolatli organga bevosita murojaat qiladi.

Elektron tartibda:

YaIDXP orqali yuborilgan so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi. Portalda muvaffaqiyatli avtorizatsiyadan o‘tish so‘rovnomani ariza beruvchining shaxsan yuborganini tasdiqlaydi.

So‘rovnomaga xorijda foydalaniladigan rasmiy hujjat yoki rasmiy bo‘lmagan hujjatning notarial tasdiqlangan nusxasi ilova qilinadi.

Hujjatga qo‘yiladigan talablar

Taqdim etiladigan hujjatda:

  • tartib raqami;
  • berilgan sana;
  • mansabdor shaxsning imzosi;
  • tegishli muhr yoki shtamp mavjud bo‘lishi kerak.

Imzo hamda muhr va shtamp bosma izlari aniq va o‘qiladigan bo‘lishi shart. Hujjatda tuzatish yoki qo‘shimcha yozuv bo‘lsa, u hujjatni imzolagan shaxs tomonidan tegishli tartibda qayd etilishi lozim.

Agar qabul qiluvchi davlat hujjat tarjimasini talab qilsa, hujjat avval tegishli davlat tiliga yoki ingliz tiliga tarjima qilinadi, tarjimonning imzosi notarius tomonidan tasdiqlanadi, shundan keyin hujjat va uning tasdiqlangan tarjimasiga apostilь qo‘yiladi.

Yig‘im miqdori

Vakolatli organga an’anaviy tartibda murojaat qilinganda so‘rovnomani ko‘rib chiqish uchun:

  • ta’lim va fan sohasidagi hujjatlar bo‘yicha — BHMning 20 foizi;
  • adliya organlari, adliya muassasalari va FHDYo organlari hujjatlari bo‘yicha — BHMning 20 foizi;
  • boshqa hujjatlar bo‘yicha — BHMning 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Elektron apostilь uchun Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda — BHMning 20 foizi, YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa ushbu yig‘imning 90 foizi, ya’ni BHMning 18 foizi undiriladi.

Ayni bir ishga tegishli hujjatlar to‘plamiga apostilь qo‘yilganda yig‘im har bir hujjat uchun emas, butun hujjatlar to‘plami uchun undiriladi.

Apostilь qo‘yish uchun murojaat qilgan davlat organlari va tashkilotlari yig‘im to‘lashdan ozod qilinadi. Rasmiy murojaatdan keyin to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.

Ko‘rib chiqish muddati

So‘rovnoma rasmiy hujjat taqdim etilgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Agar mansabdor shaxsning imzo namunasi, uning vakolati yoki tashkilot muhrining namunasini qo‘shimcha tekshirish talab etilsa, ko‘rib chiqish muddati 10 ish kunigacha uzaytirilishi mumkin. Muddat uzaytirilganda murojaat etuvchi bu haqda xabardor qilinadi.

Rad etish asoslari

Quyidagi holatlarda apostilь qo‘yish rad etiladi:

  • hujjatda zarur rekvizitlardan biri mavjud bo‘lmasa;
  • mansabdor shaxsning imzosi yoki muhr va shtamp haqiqiy emasligi aniqlansa;
  • hujjatni imzolagan mansabdor shaxs uni imzolash vakolatiga ega bo‘lmasa.

Rad etish sabablari ko‘rsatilgan bildirishnoma murojaat etuvchiga yuboriladi. Kamchiliklarni bartaraf etib, 30 kalendarь kun ichida qayta murojaat qilish mumkin. So‘rovnomani belgilangan muddatda takroran ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.

Chat