Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15519 marta o'qildi

Kimlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi?

Ijtimoiy yordam quyidagi etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ko‘rsatiladi:

  • vasiylik yoki homiylik belgilangan bolalar;
  • tutingan — foster oilaga berilgan bolalar;
  • Bolalar uylari, Mehribonlik uylari, Kichik hajmli bolalar uylari va respublika o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari hamda bitiruvchilari;
  • «SOS — O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasining bolalarni muqobil parvarish qilish xizmati tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari.

Shuningdek, ota-onasi uch oydan ortiq muddatga chet davlatga vaqtincha chiqib ketishi munosabati bilan vasiylik yoki homiylik belgilangan Ijtimoiy reestrdagi oilalar farzandlariga ham individual oila rejasida nazarda tutilgan yordamlar ko‘rsatiladi.

Individual reja nima?

Individual rivojlanish rejasi — 14 yoshgacha bo‘lgan bolaning qiziqishlari, ehtiyojlari va yashash sharoitini kompleks baholash asosida unga zarur ijtimoiy xizmat va yordamlarni belgilaydigan reja.

Individual integratsiya rejasi — 14 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan etim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshni jamiyatga moslashtirish, kasb tanlashi va mustaqil hayotga tayyorlanishini ta’minlashga qaratilgan reja.

Ushbu rejalar yashash joyidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan tuziladi va bolaning ehtiyojlari o‘zgarishiga qarab doimiy yangilab boriladi.

Yordam olish uchun ariza berish kerakmi?

Etim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaga yordam ko‘rsatish uchun, qoida tariqasida, alohida ariza berish talab etilmaydi.

«Inson» markazi:

  • bolaning ehtiyojlarini o‘rganadi;
  • individual rejada zarur yordamni belgilaydi;
  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida elektron tavsiyanoma shakllantiradi;
  • tavsiyanomani Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmasiga yuboradi.

Biroq muayyan yordam turi uchun uning pasportida belgilangan hujjatlar zarur bo‘lsa, ular taqdim etilgandan keyin tavsiyanoma rasmiylashtiriladi.

Qanday ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi?

Yordamlar quyidagi asosiy dasturlar doirasida ko‘rsatiladi:

  • bandlikka ko‘maklashish — kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish uchun asbob-uskuna va mehnat qurollari;
  • sifatli ta’lim olishga ko‘maklashish — oliy ta’limga tayyorlov, to‘lov-kontrakt, xalqaro imtihonlar va o‘quv kurslari xarajatlari;
  • ehtiyojlarni qo‘llab-quvvatlash — kiyim-bosh, sport va musiqa anjomlari, zarur uy jihozlari;
  • uy-joy sharoitini yaxshilash — turar joyni jihozlash va oilaviy bolalar uyini ta’mirlash;
  • sog‘liqni saqlash — jarrohlik amaliyotisiz davolanish va operatsiya xarajatlarini qoplash;
  • haydovchilik kursi, test va amaliy imtihonlar hamda safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat o‘tash xarajatlarini qoplash.

Har bir yordam turining yosh chegarasi, miqdori, davriyligi va shartlari tegishli ijtimoiy yordam pasportida alohida belgilangan. Shuning uchun barcha yordamlar har bir bolaga bir xil tarzda berilmaydi.

Tovarlar qanday xarid qilinadi?

Asbob-uskuna, mehnat qurollari, kiyim-bosh va uy jihozlari kabi tovarlar QR-kodli elektron vaucher asosida xarid qilinadi.

Vaucher — davlat tomonidan qoplanadigan mablag‘ hisobidan belgilangan tovarni elektron savdo platformasi orqali xarid qilish imkonini beruvchi elektron hujjat.

Tovarlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimining elektron savdo platformasi yoki tadbirkorlik sub’ektlarining elektron savdo maydonchalari orqali tanlanadi. Xarid qilingan tovarni sotish, boshqa shaxsga berish, sovg‘a qilish yoki boshqa maqsadda ishlatish taqiqlanadi.

Yordam qaysi holatlarda to‘xtatiladi?

Ijtimoiy yordam:

  • bola yoki uning qonuniy vakili yordamdan voz kechganda;
  • yordam oluvchi vafot etganda;
  • muayyan yordam uchun belgilangan yosh chegarasiga etganda;
  • Ijtimoiy reestrdagi oila farzandining oilasi Reestrdan chiqarilganda;
  • ijtimoiy xodim yordamga ehtiyoj qolmaganini aniqlaganda to‘xtatilishi mumkin.

Qaerga murojaat qilish mumkin?

Bolaga zarur yordam individual rejaga kiritilmagan, o‘z vaqtida ko‘rsatilmagan yoki ehtiyojlar o‘zgargan bo‘lsa, yashash joyidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodimga murojaat qilish mumkin.

Bola yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yoki bevosita sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Chat