Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 25589 marta o'qildi

Ishga qabul qilish yoshi

Umumiy qoidaga ko‘ra, shaxsni ishga qabul qilishga 16 yoshdan yo‘l qo‘yiladi.

15 yoshga to‘lgan o‘quvchi:

  • ota-onasidan birining yoki boshqa qonuniy vakilining oldindan yozma roziligi bilan;
  • o‘qishdan bo‘sh vaqtida;
  • sog‘lig‘i va ma’naviy rivojlanishiga zarar etkazmaydigan;
  • ta’lim olish jarayonini buzmaydigan engil mehnatni bajarishi mumkin.

Mehnat shartnomasi yozma shaklda tuzilishi va ishga qabul qilish qonuniy tartibda rasmiylashtirilishi shart.

Ish vaqtining davomiyligi

18 yoshga to‘lmagan xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi:

  • 15 yoshdan 16 yoshgacha — haftasiga 24 soatdan ko‘p emas;
  • 16 yoshdan 18 yoshgacha — haftasiga 36 soatdan ko‘p emas.

O‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlayotgan o‘quvchining ish vaqti tegishli yosh uchun belgilangan eng ko‘p ish vaqtining yarmidan oshmasligi kerak.

Tibbiy ko‘rik va mehnat muhofazasi

18 yoshga to‘lmagan shaxs:

  • ishga qabul qilinishidan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan;
  • 18 yoshga to‘lguniga qadar har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘rik xarajatlari ish beruvchi hisobidan qoplanadi.

Voyaga etmaganlarni:

  • zararli yoki xavfli mehnat sharoitidagi ishlarga;
  • er osti ishlariga;
  • hayoti, sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki ma’naviy rivojlanishiga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarga;
  • belgilangan me’yordan ortiq og‘ir yuk ko‘tarish va tashishga jalb qilish taqiqlanadi.

Qo‘shimcha cheklovlar

18 yoshga to‘lmagan xodimlarni:

  • xizmat safariga yuborish;
  • ish vaqtidan tashqari ishga;
  • tungi ishga;
  • dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishga jalb qilish taqiqlanadi.

Qonunda ijodiy xodimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va professional sportchilar uchun belgilangan ayrim istisnolar mavjud.

Ota-onaning roziligi bolani zararli, xavfli yoki o‘qishiga xalaqit beradigan ishga jalb qilishga ruxsat bermaydi.

Ushbu qoidalar O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilangan.

Chat