Tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etilganda ichki ishlar organlariga, profilaktika inspektoriga yoki 102 raqami orqali xabar berish mumkin. 112 va 1146 raqamlariga kelib tushgan xabarlar ham vakolatli organlarga yo‘naltiriladi.
Murojaat jabrlanuvchi, uning qonuniy vakili, boshqa shaxslar, davlat organlari yoki tashkilotlar tomonidan berilishi mumkin.
Profilaktika inspektori xabar kelib tushganidan keyin 24 soat ichida holatni o‘rganadi, himoya orderini rasmiylashtiradi va ijtimoiy, psixologik hamda huquqiy xizmatlarga ehtiyoj haqidagi ma’lumotni «E-himoya orderi» tizimiga kiritadi.
Orderda zo‘ravonlikni taqiqlash, jabrlanuvchi bilan aloqa qilishni yoki bir xonada bo‘lishni cheklash, zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga muayyan majburiyatlar yuklash kabi choralar belgilanishi mumkin.
Bir kalendarь yil davomida tazyiq yoki zo‘ravonlik haqida ikki va undan ortiq murojaat kelib tushsa, ichki ishlar organi himoya orderini tashabbus tartibida beradi.
Himoya orderi odatda 30 kungacha beriladi. Xavf bartaraf etilmasa, uning amal qilish muddati sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga etmagan farzandlari ijtimoiy, psixologik va huquqiy xizmatlarni himoya orderisiz ham olishi mumkin.
Tartib «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 3-son qarori, Prezidentning PQ-175-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 354-son qarori bilan belgilangan.