Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5263 marta o'qildi

O‘quv-tarbiya muassasalari va tuman (shahar) hokimliklari bolalarni himoya qilish sho‘’balari uy-joyga muhtoj etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ular o‘quv-tarbiya muassasasida, farzandlik, vasiylik (homiylik, patronat) qaramog‘ida bo‘lish muddati tugashidan 1 yil avval uy-joyga muhtojlar sifatida «onlayn-navbat» axborot tizimiga kiritadi.

Uy-joyga muhtoj bo‘lgan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muddatidan avval ham «onlayn-navbat» axborot tizimiga kiritilishi mumkin.

Etim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola quyidagi holatlarda «onlayn-navbat» axborot tizimidan chiqariladi:

  • uy-joy berilganda;
  • hujjatlarda hisobga qo‘yishga asos bo‘lgan ma’lumotlarning haqiqatga mos kelmasligi aniqlanganda.

O‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga etgan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

Etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash jarayonida quyidagilar taqiqlanadi:
  • bitta ko‘p kvartirali uy-joyning har bir kirish yo‘lagidagi kvartiralarda bir nafardan ortiq etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish;
  • ikki va undan ortiq etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ko‘p kvartirali uy-joydan bitta kvartira ajratish (ular o‘rtasida nikoh tuzilgan hollar mustasno);
  • etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun alohida ko‘p qavatli uy-joylar qurish va bu erda ularning barchasini joylashtirish;
  • etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun yotoqxonalardan uy-joylar ajratish (xarid qilish).

Uy-joy berish to‘g‘risidagi qaror asosida tuman (shahar) hokimligi etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga order beradi, order berilgan uy-joyga ko‘chib kirish uchun asos hisoblanadi.

Orderlar etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga «onlayn-navbat» axborot tizimiga ko‘ra qat’iy ketma-ketlik asosida beriladi.

Order berilgan kundan 10 kundan kechikmay etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaga, o‘rnatilgan tartibda, orderda ko‘rsatilgan uy-joy notarial rasmiylashtirib beriladi.

Chat