Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 29303 marta o'qildi

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositasini ijaraga berish shartnomasi, qonunchilikda belgilangan istisnolardan tashqari, notarial tasdiqlanishi shart.

Shartnoma ijaraga beruvchiga tegishli avtomobilь yoki mototransport vositasini ijaraga oluvchiga belgilangan muddatga, haq evaziga vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun berishni nazarda tutadi.

Muhim: shartnomaning notarial shakli talab etilgan holda oddiy tilxat yoki taraflar imzolagan oddiy shartnoma notarial tasdiqning o‘rnini bosmaydi. Notarial shaklga rioya etilmasligi bitimning haqiqiyligi va taraflarning huquqlarini himoya qilishga ta’sir qilishi mumkin.

Notarial tasdiq talab etilmaydigan istisnolar

Quyidagi hollarda ijara shartnomasini notarial tasdiqlash talab etilmaydi:

  • ijara xizmati ko‘rsatuvchi yuridik shaxs engil avtomobilь yoki mototransport vositasini jismoniy shaxsga 30 kungacha ijaraga berganda;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan karshering munosabatlarida;
  • avtomototransport vositasi elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auktsion orqali ijaraga berilganda.

Elektron onlayn-auktsion natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega.

Qaerga murojaat qilinadi

Taraflar davlat yoki xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusga murojaat qilishi mumkin. Avtomototransport ijara shartnomasi notarial hudud bo‘yicha maxsus cheklangan harakatlar qatoriga kirmaganligi sababli, taraflarning yashash manzilidan qat’i nazar notarius tanlanishi mumkin.

Shartnomani tasdiqlashda ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi shaxsan yoki tegishli vakolat berilgan vakillari orqali qatnashadi.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Holatga qarab quyidagilar talab etiladi yoki elektron axborot tizimlari orqali tekshiriladi:

  • taraflarning pasporti yoki ID-kartasi;
  • avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi;
  • transport vositasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat;
  • vakil ishtirok etganda — uning vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma;
  • transport vositasi er-xotinning umumiy mulki bo‘lsa — eri yoki xotinining roziligi;
  • umumiy mulk ishtirokchilari mavjud bo‘lsa — tegishli mulkdorlarning roziligi;
  • vasiylikdagi shaxs manfaatiga daxl qilinsa — vasiylik va homiylik organining ruxsati;
  • yuridik shaxs ishtirok etganda — vakilning vakolati va zarur korporativ qarorlar;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.

Davlat organlarining elektron tizimlarida mavjud ma’lumotlar notarius tomonidan mustaqil tekshiriladi. Elektron tizimda ma’lumot mavjud bo‘lsa, uni fuqarodan takroran qog‘oz shaklida talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Muhim: transport vositasi er-xotinning nikoh davomida orttirilgan umumiy mulki bo‘lsa, uni ijaraga berish uchun ikkinchi turmush o‘rtoqning roziligi talab etiladi. Avtomobilь nikohdan oldin olingan, meros yoki hadya tariqasida kelib tushgan yoxud nikoh shartnomasiga ko‘ra alohida mulk bo‘lsa, buni tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi.

Notarius nimalarni tekshiradi

Notarius:

  • taraflarning shaxsi va muomala layoqatini;
  • vakillarning vakolatini;
  • transport vositasiga bo‘lgan huquqni;
  • avtomobilь boshqa shaxsga o‘tkazilishi taqiqlanmaganini;
  • xatlov, garov va boshqa cheklovlarni;
  • er-xotin yoki boshqa mulkdorlar roziligi zarurligini;
  • shartnoma mazmuni qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi.

Transport vositasiga garov yoki boshqa cheklov qo‘yilgan bo‘lsa, bitimni tuzish imkoniyati cheklovning mazmuni va garov shartlaridan kelib chiqib aniqlanadi.

Shartnomada nimalar ko‘rsatiladi

Shartnomada quyidagilarni aniq belgilash lozim:

  • avtomobilning markasi, modeli, ishlab chiqarilgan yili va rangi;
  • davlat raqami, kuzov, shassi va VIN-kodi;
  • ijara muddati;
  • ijara haqi va to‘lov muddatlari;
  • avtomobilni topshirish va qaytarish joyi;
  • texnik xizmat va ta’mirlash xarajatlari;
  • yoqilg‘i va sug‘urta xarajatlari;
  • avtomobilni uchinchi shaxsga berish mumkinligi yoki taqiqlanganligi;
  • YTH, jarima va zarar uchun javobgarlik;
  • shartnomani muddatidan oldin bekor qilish shartlari.

Avtomobilь ijaraga oluvchiga qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida berilishi lozim. Bu haqda shartnoma matnida ko‘rsatiladi.

Fuqaro uchun muhim: dalolatnomada avtomobilning yurgan masofasi, yoqilg‘i miqdori, butligi va mavjud shikastlarini yozib qo‘ying. Dalolatnoma tuzilmasligi keyinchalik zarar kim tomonidan etkazilganini isbotlashni qiyinlashtiradi.

Davlat boji

Mol-mulkni, shu jumladan avtomototransport vositasini ijaraga berish shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun davlat boji quyidagi miqdorda undiriladi:

  • mulkdorning eri yoki xotiniga, o‘zining yoxud eri-xotinining ota-onasiga, farzandlariga va ularning eri yoki xotiniga, nabiralariga, buvi-buvalariga, aka-uka va opa-singillariga ijaraga berilganda — BHMning 10 foizi;
  • jismoniy shaxslar o‘rtasida boshqa hollarda — BHMning 25 foizi;
  • yuridik shaxslar uchun yoki taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa — BHMning 50 foizi.

Ijara shartnomasini bekor qilishni notarial rasmiylashtirganlik uchun belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

Muhim: davlat bojidan tashqari notarius tomonidan ko‘rsatiladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha xizmatlar uchun alohida to‘lovlar bo‘lishi mumkin. Yakuniy summani shartnomani rasmiylashtirishdan oldin notariusdan aniqlashtirish lozim.

Tekin foydalanish bilan adashtirmang

Avtomobilni haq evaziga berish — ijara, haq olmasdan berish esa tekin foydalanish shartnomasi hisoblanadi. Ular uchun davlat boji stavkalari bir xil emas.

Avtomototransport vositasidan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlash uchun:

  • qonunda sanab o‘tilgan oila a’zolari va qarindoshlarga berilganda — BHMning 50 foizi;
  • boshqa shaxslarga berilganda — 2 BHM davlat boji undiriladi.

YHXXda hisobga qo‘yish

Notarius tasdiqlangan ijara shartnomasining elektron shaklini YHXXning axborot tizimiga yuboradi. Shartnoma transport vositasini mulkdor nomidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan bitim sifatida hisobga qo‘yiladi.

Muhim: notarial shartnoma avtomobilning mulkdorini o‘zgartirmaydi. Ijaraga oluvchiga faqat shartnomada belgilangan muddat va shartlarda avtomobildan foydalanish huquqi beriladi.

Notarial harakat rad etilsa

Notarius qonunchilikka zid bitimni, hujjatlari etarli bo‘lmagan yoki transport vositasiga taqiq va xatlov qo‘yilgan bitimni tasdiqlashni rad etishi mumkin.

Rad etishdan norozi shaxs:

  • notariusdan rad etish sabablari ko‘rsatilgan qarorni berishni talab qilishi;
  • notarial harakatni amalga oshirish rad etilganligi ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

Avtomototransport ijara shartnomasining shakli Fuqarolik kodeksining 565-moddasi, davlat boji stavkalari «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonun, notarial harakatlar tartibi 3113-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Yo‘riqnoma, shartnomani YHXXda hisobga qo‘yish esa Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori bilan belgilangan.

Chat