Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3348 marta o'qildi

Erto‘laning huquqiy maqomi

Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlariga umumiy mulk huquqi asosida tegishli yashash uchun mo‘ljallanmagan erto‘la umumiy mol-mulk hisoblanadi.

Erto‘la yoki uning bir qismini ijaraga yoxud tekin foydalanishga berish faqat joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishining qarori asosida amalga oshiriladi.

Bunda foydalanishga berilayotgan umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqlar joylar mulkdorlari nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lishi shart.

Murojaat va umumiy yig‘ilish

Jismoniy yoki yuridik shaxs erto‘ladan foydalanish uchun ko‘p kvartirali uyni boshqarish organiga yozma murojaat qiladi. Murojaatda:

  • shaxsni yoki yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
  • rejalashtirilayotgan faoliyat turi;
  • erto‘ladan foydalanish maqsadi;
  • talab etiladigan maydon;
  • zarur ta’mirlash yoki qayta rejalashtirish ishlari ko‘rsatiladi.

Boshqarish organi murojaatni olganidan keyin 3 kundan kechiktirmay umumiy yig‘ilish chaqirish choralarini ko‘radi. Mulkdorlar yig‘ilish haqida kamida 10 kun oldin xabardor qilinadi.

Yig‘ilish vakolatli bo‘lishi uchun barcha mulkdorlar yoki ular vakillarining 50 foizidan ko‘prog‘i ishtirok etishi kerak. Qaror hozir bo‘lganlarning 50 foizidan ko‘prog‘i yoqlab ovoz berganda qabul qilinadi.

Shartnoma va ijara to‘lovlari

Qaror qabul qilinganidan keyin boshqarish organi 5 ish kunidan kechiktirmay erto‘ladan foydalanuvchi bilan ijara yoki tekin foydalanish shartnomasini tuzish chorasini ko‘radi.

Shartnoma soliq organlarining elektron tizimida hisobga qo‘yiladi. Murojaat, umumiy yig‘ilish bayonnomasi, faoliyat turi, maydon va ijara to‘lovlari haqidagi ma’lumotlar «Mening uyim» billing tizimiga kiritiladi.

Ijaradan tushgan mablag‘lar ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkini saqlashga yo‘naltiriladi.

Ruxsat etilgan va taqiqlangan faoliyat

Belgilangan xavfsizlik talablariga rioya qilinganda erto‘lada savdo, maishiy xizmat, ofis, bank, pochta, kompьyuter, tarjima, dizayn, sport va nizomda belgilangan boshqa faoliyatlarni amalga oshirish mumkin.

Erto‘lada quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • yashash joyi, yotoqxona, mehmonxona yoki kinoteatr tashkil etish;
  • sanoat ishlab chiqarishini joylashtirish;
  • gaz ballonlari, yonuvchi va portlash xavfi bo‘lgan moddalarni saqlash;
  • hammom, sauna yoki jamoat hojatxonasi tashkil qilish;
  • hayvonlar va parrandalarni boqish;
  • maxsus loyihada nazarda tutilmagan garaj tashkil qilish;
  • evakuatsiya yo‘llari va muhandislik tarmoqlariga kirish joylarini to‘sib qo‘yish.

Erto‘ladan foydalanish aholining xavfsiz va qulay yashashiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini cheklamasligi kerak.

Ta’mirlash va rekonstruktsiya

Erto‘lada tayanch yoki tayanch bo‘lmagan devorlarni o‘zboshimchalik bilan buzish, kavlash yoki muhandislik kommunikatsiyalarining sxemasini o‘zgartirish taqiqlanadi.

Engil materiallardan orayopma devor o‘rnatishga faqat:

  • shaharsozlik va yong‘in xavfsizligi talablariga zid bo‘lmaganda;
  • muhandislik tarmoqlariga kirishni cheklamaganda;
  • belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlari mavjud bo‘lganda yo‘l qo‘yiladi.

O‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgan erto‘la nazorat organining ko‘rsatmasiga muvofiq avvalgi holatiga qaytarilishi, etkazilgan zarar esa sud qarori asosida qoplanishi mumkin.

Chat